O'zbekiston IIV xodimlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida odam savdosi bilan shug'ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo'ydi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Guruhga 1971-yilda tug'ilgan Tojikiston fuqarosi rahbarlik qilgan. U O'zbekistonda yashovchi sheriklari orqali Telegramda Kuala-Lumpurdagi restoranga yangi xodimlar yollash bo'yicha e'lonlar joylashtirgan.
Guruh a'zolari Toshkentda ish izlovchilar bilan uchrashib, ularni yolg'on va'dalar bilan chalg'itib, Malayziyaga jo'natgan. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, ishga kelgan qizlar jinsiy ekspluatatsiyaga uchragan, yigitlarga esa va'da qilingan 500 dollar miqdoridagi ish haqi, bepul turar joy va ovqat berilmagan.
Bundan tashqari, jabrlanganlarga ish vizalari rasmiylashtirilmagan, ish haqi to'lanmagan, ularning pasportlari olib qo'yilgan va ular majburiy mehnatga jalb qilingan.
Hozirda sakkiz nafar jabrlanuvchi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
