Qozog‘iston hukumati 16-oktabrdan e’tiboran Ai-92 benzini va dizel yoqilg‘isi narxini yanada oshirishga moratoriy e’lon qildi. Narxlar muzlatilishi “inflyatsiya darajasi barqarorlashguncha” davom etadi, deyiladi hukumat bayonotida.
16-oktabrdan boshlab barcha iste’molchilar guruhlari uchun kommunal xizmatlar tariflarini oshirish ham 2026-yil mart oyi oxirigacha to‘xtatiladi. “Tariflar o‘sishi tabiiy monopoliya subyektlarining operatsion xarajatlarini optimallashtirish hisobiga ushlab turiladi”, — deyiladi xabarda.
Hukumat mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini moliyalashtirishni ko‘paytirish orqali ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishining oldini olishga va’da berdi.
Hukumat, shuningdek, bazaviy stavkaning oshishi tufayli ipoteka dasturi takliflarining kamayishi fonida aholi uchun uy-joy sotib olish imkoniyatini ta’minlash uchun imtiyozli ipoteka kreditlash hajmini ikki baravar oshirish rejalashtirilayotganini e’lon qildi.
Hukumat chora-tadbirlari “makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy islohotlarning salbiy oqibatlarini yumshatishga” qaratilgan, deyiladi xabarda. Payshanba kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bosh vazir Oljas Bektenovga “mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilash” bo‘yicha qarorlar qabul qilishni topshirdi.
Mahalliy OAVning yozishicha, so‘nggi oylarda Qozog‘istonda benzin narxining oshishi tezlashgan. Oktabr oyi boshida Olmaota va Ostona shaharlarida Ai-92 benzinining narxi 225 tengedan ($0,42) 239 tengegacha ($0,44) farqlangan.
Qozog‘istonda inflyatsiya 2025-yil sentabr oyida yil davomida 12,9% ni tashkil etdi va 2025-yil avgust (12,2%) va 2024-yil sentabr (8,3%) ko‘rsatkichlaridan oshib ketdi.
