Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi boshchiligidagi maxsus komissiya havo ifloslanishini kamaytirish maqsadida sanoat korxonalarida eko-reyidlarni davom ettirmoqda. Navbatdagi reydlar 13-yanvar kuni Toshkentning Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi sanoat zonalari hududida oʻtkazildi.
Sergeli tumanida V. L. Galparin nomidagi Toshkent quvur zavodi tekshirildi. Zavod payvandlangan quvurlar ishlab chiqaradi va atrof-muhitga yuqori taʼsir koʻrsatuvchi korxonalar sirasiga kiradi.
Yangihayot tumanidagi Janubiy sanoat zonasida "Oʻzikkilamchi rangli metall" AJ faoliyati tekshirildi. Ushbu korxona ham yuqori ekologik xavf tugʻdiruvchi obʼektlar sirasiga kiradi. Avvalroq, 2025-yilning oktyabr oyida bu yerda tekshiruv oʻtkazilgan boʻlib, uning natijalariga koʻra majburiy koʻrsatma berilgan edi.
Maxsus komissiya qarori va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan berilgan koʻrsatmaga muvofiq, zavod boshqa hududga koʻchiriladi va Yangihayot tumanidagi ishlab chiqarish faoliyatini toʻxtatadi. Eskirgan va ekologik zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinadi, korxona esa boshqa hududda texnologik jihatdan yanada mukammal uskunalar bilan faoliyatini davom ettiradi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida atmosferaga taxminan 226,7 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqishi oldini olindi, bu Toshkent shahrining Yangihayot tumani havo sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Shuningdek, Janubiy sanoat zonasida "Vtorichniye chyornyye metally" Toshkent filiali faoliyati tekshirildi. Korxona metall parchalarini saralash va presslash bilan shugʻullanadi va atrof-muhitga oʻrtacha taʼsir koʻrsatuvchi obʼektlar sirasiga kiradi.
Tekshiruvlar natijalariga koʻra, barcha korxonalarga ekologik normalarga rioya qilish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi.
Toshkent sanoat zonalari hududida ekologik nazorat davom etmoqda, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish esa alohida nazoratda turibdi.
