29-mart kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon va uning rafiqasini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban rafiqasi bilan birga poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi.
Mamlakatimiz bosh maydoni xalqimiz ozodligining, ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan va muttasil intilib yashagan, bugungi avlodlarga nasib etgan eng ulugʻ, eng aziz neʼmat boʻlmish istiqlolimizning muqaddas ramzidir. Shu bois, bu muazzam maydonga xorijiy rasmiy delegatsiyalarning tashrif buyurishi ezgu anʼanaga aylangan.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham mamlakatimizga ilk rasmiy tashrifini Mustaqillik maydonidan boshladi.
Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi boʻlgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qoʻydi.
Mehmonlarga Mustaqillik maydonning mazmun-mohiyati, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida soʻzlab berildi. Viktor Orban bu majmua oʻzbek xalqini istiqlol ruhidan kuch olib, yana-da ulkan marralar sari intilishida oʻziga xos mayoq boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Shundan soʻng Vengriya delegatsiyasi oʻzi uchun ajratilgan qarorgohga yoʻl oldi.