IIV Namanganda Suriya jangarilar safiga qo'shilishni reja qilgan ayol haqida xabar berdi.
Aniqlanishicha, Namangan viloyatida 45 yoshli fuqaro E.M. 2019-2021-yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib, "Sodiq Samarqandiy”ning madrasalarida taʼlim oladi.
Natijada, u ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar gʻoyalari taʼsiriga tushib, Suriyaga borish va u yerdagi jangarilardan biriga turmushga chiqishni rejalashtiradi.
Shu maqsadda, fuqaro E.M. 2021-yilning mart oyida Turkiyadan doimiy yashash manziliga qaytib kelib, 3 nafar farzandini oʻzi bilan birga olib, "Qirgʻiziston-Turkiya-Suriya” yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida chegara hududida toʻxtatilgan hamda doimiy yashash manziliga qaytarilgan edi.
Olib borilgan tushuntirish ishlariga qaramay, fuqaro E.M. oʻzining Suriyadagi jangarilar safiga qoʻshilish maqsadidan voz kechmagan hamda u yerdagi hamfikrlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali yozishmalarni davom ettirib kelgan.
Shuningdek u internet tarmogʻida bir qator guruhlar tashkil qilib, guruh aʼzolari orasida aqidaparastlik va ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgan hamda Suriyadagi jangarilarga moddiy yordam berishga targʻib qilgan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaro E.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Ma'lumot o'rnida, uning jinoiy maqsadiga erishish yoʻlida farzandini ham qurbon qilishga tayyorligini, oʻzining balogʻat yoshidagi qizini Turkiyaga joʻnatib, u yerdagi ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari rahnamolarining qoʻliga taʼlim olishi uchun topshirganligidan anglash mumkin.