Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan tog‘-kon sanoati korxonalari uchun portlovchi moddalarni ishlab chiqarish sexida portash ro‘y berdi. Bu haqda FVV xabar qildi.
Hodisa 6-dekabr kuni soat 09:40 da “Mustaqillik” MFY hududida joylashgan “Shams Ltd” korxonasiga qarashli tog‘-kon sanoati korxonalari uchun portlovchi moddalarni ishlab chiqarish sexida ro‘y bergan, oqibatda yong‘in kelib chiqqan.
Yong‘in Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 7 ta qutqaruv bo‘linmalari tomonidan soat 10:27 da to‘liq o‘chirilgan.
Korxonaga qarashli ishlab chiqarish sexida ro‘y bergan chaqnash vaqtida omborda 30 nafar ishchi bo‘lgan, ulardan 4 nafari vafot etgan. Yengil darajada tan jarohati olgan 4 nafar xodim shifoxonaga joylashtirilgan, ularning 2 nafariga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev topshiriqlariga muvofiq Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan.
Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda, deyiladi FVV xabarida.