Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan navbatdagi maxsus operatsiya davomida Buxoro-Amudaryo yo‘nalishi bo‘yicha To‘rtko‘l tumanidagi "Miskin” YPX postida "Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatildi.
Avtomashina yo‘lovchisi, Amudaryo viloyatida yashovchi, muqaddam narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgani uchun sudlangan shaxsni ko‘zdan kechirish chog‘ida 2 kg 39 gramm afyun topilib, olib qo‘yildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik moddasi Tojikistondan Buxoro viloyati hududiga olib o‘tilgan.
Bundan tashqari, xavfsizlik kuchlari tomonidan narkotik sifatida ishlatiladigan kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarining poytaxtda tarqatilishining oldi olindi.
Tadbir davomida Toshkent shahriga kiraverishda "Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib, Andijon viloyati Korasuv shahrida yashovchi fuqaro nazorati ostida ko‘zdan kechirildi. Avtomobil salonidan kuchli taʼsir koʻrsatadigan dori vositalari – Qirgʻizistondan noqonuniy olib kirilgan 11228 dona "Regapen” kapsulasi va 595 dona "Tropikamid” dori vositalari topilgan. Operatsiya davom ettirildi, natijada uning ikki sherigi ham qo‘lga olindi.
Poytaxtda qayd etilgan yana bir shunga o‘xshash holat bo‘yicha Andijon shahrida yashovchi fuqaro Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroga 5 ming 488 dona "Regapen” va 1 ming 188 shisha "Tropikamid” dori vositalarini topshirayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, ushbu giyohvandlik vositalarini iste’mol qilgan shaxsning yashash joyida 224 dona "Regapen” dori vositasi topilib, protsessual tartibda olib qo‘yildi.
Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari davomida ushbu kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini Qirgʻizistondan olib oʻtib, Toshkent shahriga olib oʻtgan Andijon shahrida yashovchi fuqaro ham qoʻlga olindi.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jami 10 kg 701 gramm gashish, 2 kilogramm 39 gramm opiy va 16940 kapsula Regapen va 1783 shisha Tropikamid giyohvandlik moddasi olib qo‘yildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.